Презентация - "Презентация на тему: "Фан ижтимоий-маданий ходиса сифатида""
- Презентации / Другие презентации
- 0
- 30.12.23
Просмотреть и скачать презентацию на тему "Презентация на тему: "Фан ижтимоий-маданий ходиса сифатида""
Bilim sifatida fan atrof borliq narsalari va jarayonlarini amalda aniq, izchil va tadrijiy bilishga qaratilgan. Faoliyat sifatida fan maqsadlarni belgilash, qarorlar qabul qilish, yo‘l tanlash, o‘z manfaatlarini ko‘zlash, mas’uliyatni tan olish maydonida amal qiladi.
Fan ob’ektivlik, aniqlik, haqiqiylik mezonlariga javob beruvchi bilimlar tizimi sifatida amal qiluvchi ikkinchi talqinda ilmiy bilim o‘ziga erkinlik hududini ta’minlashga, mafkuraviy va siyosiy yo‘nalishlarga nisbatan betaraf bo‘lishga harakat qiladi. Olimlar o‘z umrini baxshida etuvchi haqiqat yo‘lidagi izlanishlar hamma narsadan ustun turadi, fanning bosh omili va asosiy boyligi hisoblanadi.
Ijtimoiy institut yoki ijtimoiy ong shakli sifatidagi fan ilmiy tashkilotlar, ilmiy hamjamiyat a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar tizimini, meyorlar va qadriyatlar tizimini tashkil etadi. Biroq o‘n minglab va hatto yuz minglab odamlar o‘z kasbini topgan institut sifatidagi fan yaqin o‘tmishdagi rivojlanish mahsulidir. Zotan, faqat XX-asrga kelib olim kasbi o‘z ahamiyatiga ko‘ra ruhoniy va qonunchi kasbi bilan tenglashdi.
Fan haqidagi fan asoschilaridan biri J.Bernal fan tushunchasiga amalda ta’rif berish mumkin emasligini qayd etib, fanning mohiyatiga yaqinlashish imkonini beruvchi yo‘llarni belgilaydi. Uning fikricha fan:
1) institut;
2) metod;
3) ilmiy an’analarning shakllanishi;
4) ishlab chiqarishning rivojlanish omili;
5) e’tiqodlar va insonning dunyoga munosabatini shakllantiruvchi eng kuchli
omil sifatida namoyon bo‘ladi.
«Amerika etimologik lug‘ati»da fanga «tabiiy hodisalarni kuzatish, tasniflash, tavsiflash, tajribada sinash va nazariy tushuntirish taomillarini ko‘rsatish vositasi» deb ta’rif berilgan. Bu ta’rif asosan amaliy xususiyat kasb etadi.
E.Agatstsi fan «ob’ektlar haqidagi fikr-mulohazalarning oddiy majmui sifatida emas, balki ob’ektlarning muayyan sohasi haqidagi nazariya sifatida» qaralishi lozimligini qayd etadi. Bu ta’rifda ilmiy va oddiy bilimni farqlashga da’vo, fan ob’ektni o‘rganishni uni nazariy tahlil qilish darajasiga yetkazgan taqdirdagina to‘laqonli xususiyat kasb etishiga ishora mavjud.
Fan taraqqiyoti haqidagi tarixiy tadqiqotlarda o‘ziga xos iz qoldirgan yana ikki oqim XX-asrning 30 yillarida paydo bo‘ldi. 1931 -yildagi jahon faylasuflarining Londonda o‘tkazilgan kongressida B.M.Gassen Nyuton mexanikasining ijtimoiyiqtisodiy ildizlari haqida ma’ruza qiladi. Bu ma’ruza kongress ishtirokchilarida katta taassurot qoldiradi va u fan tarixi bilan shug‘ullanuvchi ingliz faylasuflarini ikki guruhga bo‘ladi. G‘arb fani tarixida paydo bo‘lgan bu yo‘nalishlar eksternalizm va internalizmdir.
Internalizm va eksternalizm. Ilmiy bilimning o‘sish yo‘llari va yo‘nalishlarini qaysi omillar belgilaydi? Fanning rivojlanish mantiqi nima bilan belgilanadi? Bu savollarga javob topish yo‘lidagi harakatlar ikki tarixiy-metodologik yondashuv – internalizm va eksternalizm o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ingliz fizik va fanshunos olimi J.Bernal (1901-1971) «Fanning ijtimoiy funksiyalari», «Fan va jamiyat», «Jamiyat tarixida fan» kabi maqolalarini nashr qiladi va eksternalizmga asos soladi. Bu yo‘nalish namoyondalari E.TSilzel, R.Merton, A.Krombi, S.Lippi va h.k. fan taraqqiyoti va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar orasida o‘zaro bog‘liqlik borligini asoslashga harakat qilganlar. Ya’ni, eksternalizm tamoyiliga ko‘ra fanning rivojlanishi tashqi determinatsiya bilan tavsiflanadi, ya’ni tashqi, ijtimoiy-tarixiy omillar ta’siri bilan belgilanadi.
Fan funksiyalarining tasnifi muammosi hanuzgacha bahsli bo‘lib qolmoqda. Bu holat qisman fan o‘z zimmasiga yangi va yangi funksiyalarni olib rivojlangani, qisman u ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida amal qilib, ob’ektiv va shaxssiz qonuniyat haqida emas, balki fan-texnika taraqqiyotining barcha yutuqlarini amalga tatbiq etish haqida o‘ylay boshlagani bilan izohlanadi. Fanning ijtimoiy funksiyalari haqidagi masala alohida va ustuvor ahamiyatga ega muammo sifatida qayd etiladi.
Tadqiqotchilar fanning «tashqi» va «ichki» ijtimoiyligiga ishora qiladilar. Fanga nisbatan siyosatni, uning rivojlanishini quvvatlash yoki tiyib turish usullarini belgilovchi u yoki bu tipdagi jamiyat va davlat faoliyatining ijtimoiy-iqtisodiy, mafkuraviy va ma’naviy omillariga bog‘liqlik fanning «tashqi» ijtimoiyligini tashkil etadi. Olimning fikrlash va o‘z qobiliyatini namoyon etish uslubini boyituvchi ilmiy hamjamiyat va ayrim olimlar ichki mental mo‘ljallari, meyorlari va qadriyatlarining ta’siri, davr xususiyatlariga bog‘liqlik «ichki» ijtimoiy haqidagi tasavvurni tashkil etadi.